Savdo belgisi to‘g‘risida

 

2014 yildan boshlab O‘zbekistonda ARTEL zavodlarining ishlab chiqarish bazasida Shivaki brendi ostida maishiy texnika ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

 

Bugun dunyoning 25 mamlakatida  Shivaki brendi maishiy texnika va elektron tovarlar ishlab chiqaruvchi muvaffaqiyatli va ilg‘or kompaniya sifatida tanilgan. Kompaniya ishlab chiqaradigan sifatli mahsulotlarning keng assortimenti iste’molchilarning ishonchini qozongan, chunki Shivaki  faqat sinalgan yetkazib beruvchilar bilan ishlaydi hamda faqat sertifikatlashtirishdan o‘tgan hamda Shivaki  brendining sifat me’yorlariga javob beradigan korxonalargagina o‘z savdo belgisi ostida tovar ishlab chiqarishga ruxsat beradi.

 

“Shivaki” kompaniyasiga kunchiqar mamlakat – Yaponiyada asos solingan. 1988 yilda elektron texnika bozorida paydo bo‘lgan yosh kompaniya rangli televizorlar, kassetali audio va videotexnika ishlab chiqargan. Faoliyat boshida kompaniya xodimlari shtati lozim darajada to‘lmagan edi. O‘z shtatida malakali muhandis va konstruktor mutaxassislar bo‘lmaganligi sababli kompaniya zarur ehtiyot va butlovchi qismlarni taniqli brendlardan sotib olar edi, bu esa muvaffaqiyat bilan sifatli texnikani yig‘ish va uni iste’molchilarga sotish imkonini berardi. Aytish lozimki, mahsulot dizaynini ishlab chiqish butkul yosh kompaniyaning yosh mutaxassislari zimmasida edi.

 

Puxta ishlab chiqilgan strategiya tufayli “Shivaki” kompaniyasi tez orada jahon bozorida tanildi. Strategiyaning mohiyati dastlabdanoq turli toifadagi iste’molchilarning talabini qondirishga intilishdan iborat edi. Kompaniya rahbariyati har qanday zamonaviy texnika arzon va hammabop bo‘lishi lozim, deb hisoblardi. E’tiborlisi shundaki, “Shivaki” kompaniyasining mahsuloti ishlatilgan material sifati, yig‘ish va funksionallik jihatidan eng taniqli va qimmatbaho brendlarnikidan o‘sha paytlarda ham, bugungi kunda ham qolishmaydi.

 

Vaqt o‘tishi bilan kompaniya ishlab chiqarishni kengaytirishga muvaffaq bo‘ldi, Osiyo bozorini zabt etdi, AQSHda o‘z vakolatxonasini ochdi, uning dovrug‘i butun Yevropaga yoyildi. Kompaniya u ishlab chiqqan strategiya ish berishini isbotladi. Kompaniya mashhurligining yagona siri –  “Sifat va narx uyg‘unligi”.